Ma’lumotlarga ko‘ra, insayderlar Samsung Galaxy Glasses’ning ikki versiyasini chiqarishni rejalashtirmoqda. «Jinju» kod nomi bilan tanilgan bazaviy model $379–$499 narxda taklif qilinadi va unda displey bo‘lmaydi. Mikro-LED displeyli «Haean» premium versiyasi esa 2027 yilda $600–$900 narx oralig‘ida kutilmoqda. Har ikkala model Android XR platformasida ishlaydi va sun’iy intellekt funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, jumladan, yozuvlarni tarjima qila oladigan, suratga ola oladigan, ob-havoni ko‘rsatadigan hamda Google Maps orqali marshrut tuzib beradigan o‘rnatilgan Gemini yordamchisi.

Tashqi ko‘rinishidan Galaxy Glasses Ray-Ban Stories yoki Xreal’ni eslatadi: zamonaviy dizayn va ilg‘or texnologiyalar uyg‘unlashadi. Samsung, shuningdek, o‘ziga xos romkalar (opravalar)ni ishlab chiqish uchun Warby Parker va Gentle Monster kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda — bu o‘tgan yil oktyabr oyida e’lon qilingan.

«Jinju» iyul oyidagi Unpacked tadbiri arafasida taqdim etilishi kutilmoqda. Ushbu tadbirda Samsung Galaxy Z Fold 8, Galaxy Z Fold 8 Wide, Galaxy Z Flip 8 va Galaxy Watch 9’ni ham e’lon qilishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Samsung Galaxy Glasses aqlli ko‘zoynaklarini chiqarish rejalari borligini rasman tasdiqlagan edi. Ular Galaxy ekotizimining bir qismiga aylanadi va foydalanuvchilarga sun’iy intellekt asosidagi «boy, ko‘p rejimli tajriba»ni taklif qiladi. Samsung vitse-prezidenti Son Chxo qurilma 2026 yilda taqdim etilishini ma’lum qilgan.

One UI 8.5 proshivkasida Galaxy Glasses belgisi aniqlangani qurilmani Galaxy smartfonlari bilan integratsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotganidan dalolat beradi. Ushbu belgi One UI 9’ning sinov versiyasida ham mavjud bo‘lib, mahsulot faol ishlab chiqilayotganini tasdiqlaydi.